Iso besh mingta odamni to‘ydiradi

Iso besh mingta odamni to‘ydiradi

Luqo bayon etgan Xushxabar, 9-bob, 10-17-oyatlar

Iso ertadan kechgacha xalq bilan suhbatlashdi. Uni tinglash uchun kelgan odamlar orasida erkaklarning o‘zi besh ming nafarni, ayollar va bolalar ham deyarli shunchani tashkil qilardi. Iso va’z qilish bilan birga, xastalarga shifo ham berar edi.

Kun botib, qorong‘i tusha boshlagach, shogirdlar Isoga: – Ustoz, odamlar yegulik topishlari kerak, – deyishdi. Iso ularga javoban jilmayib, dedi:

– Sizlar ularga ovqat beringlar!

– Shuncha odamga qayerdan yegulik topamiz? Bizda beshta non va ikkita baliqdan boshqa hech narsa yo‘q–ku! – dedi Filip, – kimsasiz joydamiz, buning ustiga pulimiz ham oz.

Iso dedi:

– O‘sha non bilan baliqlarni Menga keltiringlar!

Iso beshta nonni oldi-da, osmonga qarab shukrona duosini o‘qidi. So‘ng sindirib, xalqqa tarqatish uchun savatlarga soldi. So‘ng baliq bilan ham xuddi shunday qildi.

Shogirdlar ko‘rganlariga ishonmadilar. Mo‘’jiza sodir bo‘lgan edi. Non bilan baliq solingan savat bitta edi. Endi bo‘lsa hamma savatlar non bilan baliqqa to‘la edi. Maysa ustida guruh-guruh bo‘lib o‘tirgan odamlarga non bilan baliq tarqatganlari sari, savatlardagi yegulik hech kamaymasdi. Ovqat hammaga yetdi! Hammalari yeb to‘ydilar.

Bu Iso deganlari qanday Zot bo‘ldi? Bunday g‘aroyib ishlarni qilish uchun qayerdan kuch olarkan-a?

– Odamlar orasidan o‘tib, ortib qolgan non va baliqlarni yig‘ib olinglar, hech narsa uvol bo‘lmasin, – dedi Iso shogirdlariga.

Shogirdlar qaytib kelishganlarida, har birining qo‘lida ortib qolgan burdalar solingan savatlar bor edi. Odamlar yeb to‘yganidan qolgan ovqat qoldiqlari, ular tarqatgan ovqatdan bir necha barobar ko‘p edi.

Odamlar ko‘z o‘ngilarida sodir bo‘lgan mo‘’jizadan hayratga tushib:

– Bu chindan ham kelishi kutilayotgan o‘sha Payg‘ambardir, – de- yishardi.

Afsuski, non yeb to‘ygan besh ming odam orasida Isoning qilgan ishining ahamiyatini mutlaqo tushunmagan odamlar ham bor edi. Ular shunday fikr qilardilar: “Agar Iso uchun yegulik topish shunchalik oson bo‘lsa, unda ovqat uchun ishlashimizga hojat qolmas ekanda. Kelinglar, Uni o‘zimizga shoh qilib ko‘taraylik, shunda U barcha muhtojliklarimizni hal qiladi”.

Iso odamlar nimani xohlayotganlarini bilardi. Biroq U yer yuziga shoh bo‘lish maqsadida dunyoga kelmagan edi. Shu sabab Iso bu joyni darhol tark etdi, odamlardan uzoqlashib, yolg‘iz O‘zi ibodat qilish uchun toqqa chiqib ketdi.

Odamlar uy-uylariga tarqaldilar. Ayrimlarining Isodan ko‘ngli qolgan edi.

Suhbat uchun savollar

3 savol
  1. Xalq nima uchun Isoning oldiga keldi?

  2. Rabbimiz har narsaga qodir ekanini qanday isbotladi?

  3. Ushbu mo‘’jizadan keyin xalqning fikrida Iso haqida qanday rejalar paydo bo‘ldi?

69. Iso besh mingta odamni to‘ydiradi00:00 / 03:56