Iso bo‘ronni tinchlantiradi

Iso bo‘ronni tinchlantiradi

Luqo bayon etgan Xushxabar, 8-bob, 22-25-oyatlar

Bir kun kechasi Jalila ko‘li sohiliga Isoning ta’limotini eshitish uchun odamlar yig‘ilgan edi. Iso so‘zini tugatgach, shogirdlariga dedi:

– Ko‘lning narigi tomoniga suzib o‘taylik.

Shogirdlar Iso bilan birga qayiqlarga tushib jo‘nab ketdilar.

Iso kun davomida qattiq charchagani uchun uxlab qoldi. Birdan ko‘lda qattiq bo‘ron ko‘tarildi. Jalila ko‘lida odatda bunday bo‘ron tez- tez ko‘tarilib turardi. To‘lqinlar qayiqqa qattiq urilar, bundan qayiq suvga to‘lib, cho‘kib ketish xavfi ostida qolgan edi. Shogirdlar vaziyatni chamalab ko‘rishib, Isoni uyg‘otishga qaror qildilar:

– Ustoz! Ustoz! Halok bo‘lyapmiz! – dedi ular qo‘rquv bilan.

Iso o‘rnidan turib, dengizda quturayotgan to‘lqinlarni, guvillab esayotgan kuchli shamolni, u yoqdan-bu yoqqa chayqalayotgan qayiqni ko‘rib, bo‘ronga do‘q urdi:

– Tinchlan! Bas qil!

Shu onda shamol tindi, sukunat cho‘kdi. Ko‘l sathi oynadek silliq bo‘lib qoldi.

Bu haqiqiy mo‘jiza edi! Bo‘ronning bunday tez to‘xtaganini ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan. To‘lqinlar ham odatda birdaniga emas, balki sekin-asta bosiladi. Hozir esa hammasi bir onda tugab, to‘liq sukunat cho‘kkan edi. Shogirdlar bunaqasini hali ko‘rmaganlar.

Rabbimiz ulardan so‘radi:

– Nimaga bunchalar qo‘rqoqsiz? Ishonchingiz qani?!

Shogirdlar esa qo‘rquv va hayrat bilan bir–birlariga shunday deyishdi:

– Bu kim bo‘ldi ekan–a? U hatto shamolu suvga amr beradi, ular esa bo‘ysunadi–ya!

Ularning Ustozlari aslida Xudoning O‘g‘li ekanini shogirdlar imonlari orqaligina fahmlab yetayotgan edilar, ammo onglari bilan tushuna olmasdilar.

Suhbat uchun savollar

3 savol
  1. Nima uchun Rabbimiz Iso bo‘ron payti tinch uxlay olgan?

  2. Shogidlar nima uchun bunchalik qo‘rqib ketishdi? Ular nimani unutib qo‘yishgandi?

  3. Rabbimiz bo‘ronni tinchlantirgandan keyin, ular nimani his qilishdi?

68. Iso bo‘ronni tinchlantiradi00:00 / 02:48