Tungi tashrif

Tungi tashrif

Yuhanno bayon etgan Xushxabar, 3-bob, 1-21-oyatlar

Bu galgi Fisih bayramida Iso ko‘p mo‘’jizalar ko‘rsatdi va xalq orasidan juda ko‘pchilik Unga imon keltirdi. Asosan bechorahollar Uni Xudoning Masihi va Najotkor deb qabul qilishar, boylar esa ko‘pincha Unga shubha yoki ishonchsizlik bilan qarar edi.

Biroq Quddusda Rabbimiz Isoga va U bilan yakkama-yakka gaplashishga muhtoj bo‘lgan bir odam bor edi. U Isoning oldiga kunduzi borishga jur’at qilolmagandi. Ismi Nikodim bo‘lgan bu odam farziylar mazhabida bo‘lib, o‘zi taniqli yo‘lboshchi hamda oliy kengay a’zosi edi.

Atrofidagi odamlarning ko‘ziga yomon ko‘rinmaslik uchun Nikodim Isoning oldiga kechasi borgan edi. Uyga kirgach, Nikodim shunday deb so‘radi:

– Ustoz, Siz Xudodan kelgan bir muallim ekanligingizni biz bilamiz. Agar Xudo Siz bilan bo‘lmaganda edi, Siz bunday mo‘’jizali alomatlarni qila olmas edingiz.

Nikodim Isoni buyuk Ustoz o‘rnida qabul qilsa-da, ammo Xudoning O‘g‘li ekanini bilmasdi. Iso kutilmaganda unga Xudoning Shohligiga kirish uchun odam yuqoridan tug‘ilishi lozimligini aytdi.

Nikodim bu so‘zlarning ma’nosini chaqmas edi. Shu sabab u Isodan yana so‘radi:

– Odam qanday qilib qaytadan tug‘iladi?! U onasining qorniga qayta kirib, yana tug‘ila olmaydi–ku!

Iso unga odam yuqoridan, ya’ni Ruhdan tug‘ilishi lozim, deb javob berdi. Biroq Nikodimning buni tushunib yetishi juda qiyin edi. Shu sababdan Rabbimiz nima demoqchi ekanini tushuntirdi:

– Har bir odam gunohkor bo‘lib, o‘z kuchi bilan solihlikka erisholmaydi. Faqat Muqaddas Ruh orqaligina u o‘zgarishi va boshqa odamga aylanishi mumkin.

Buning qanday sodir bo‘lishi odamlar uchun bir sirdir. Bu so‘zlarning izohi sifatida Iso Nikodimga dedi:

– Ruh xuddi shamolga o‘xshaydi. Shamol istagan joyda esaveradi. Uning tovushini eshitasiz–u, lekin qaysi tomondan kelib, qaysi tomonga ketishini bilmaysiz. Ruhdan tug‘ilgan har bir kishida ham shunday bo‘ladi.

Lekin Nikodim uchun Isoning so‘zlari hamon tushunarsiz edi:

– Bu qanday bo‘lishi mumkin? – so‘radi u yana bir bor.

Xudoning O‘g‘liga bo‘lgan imongina odamni solih kishiga aylantira olishi haqida, hamda Xudo O‘z O‘g‘lini odamlarning gunohi uchun o‘limga topshirishi haqida Iso unga tushuntirib berdi:

– Xudo dunyoni hukm qilish uchun emas, balki O‘g‘li orqali qutqarish uchun Uni dunyoga yubordi.

Tez orada Nikodim Rabbimizga imon keltirdi va yuqoridan, ya’ni Ruhdan qayta tug‘ildi. Shundan so‘nggina u Masihga imon keltirganini odamlardan yashirmaydigan va bundan uyalmaydigan bo‘ldi. G‘animlar Isoga qarshi gapirganlarida, Nikodim Uni himoya qilar edi.

Suhbat uchun savollar

3 savol
  1. Nikodim nima uchun Iso bilan yolg‘iz uchrashishni istadi?

  2. Odam Xudoning Shohligiga kirish uchun u bilan nima sodir bo‘lishi lozim?

  3. Xudo O‘z O‘g‘lini dunyoga nima uchun yubordi?

60. Tungi tashrif00:00 / 04:20