Rahoba va ayg‘oqchilar

Rahoba va ayg‘oqchilar

Yoshua kitobi, 1-2-boblar

Musoning o‘limidan so‘ng Yoshua xalqni va’da qilingan yerga olib kirishga tayyorlay boshladi.

Agar Yoshua Egamizga bo‘ysunib, Uning amrla-riga amal qilib yursa, unga yordam berishga va’da berdi.

- Dadil va botir bo‘l, - dedi U Yoshuaga. – Men, Egang, qayerga borma sen bilan bo‘laman va seni tark etmayman.

Yoshua xalqqa uch kunga yetadigan oziq-ovqat tayyorlab olishni buyurdi, chunki endi ular Iordan daryosining narigi sohiliga o‘tishlari kerak edi. Bu yerni Xudo ularga berishga ahd qilgani sabab, uni va’da qilingan yer deb atashardi.

Yoshua ehtiyotkor edi. U dastlab ayg‘oqchilar yuborib, ularning o‘sha yerni, ayniqsa Yerixo shahrini o‘rganib kelishlarini istardi. Ayg‘oqchilar shaharga kirib, kun kech bo‘lgani uchun Rahoba ismli ayolnikida tunab qoladigan bo‘ldilar. Rahobaning uyi shahar devorlariga tutashgan edi.

Yerixo shahrining shohi bu haqda xizmatkorlaridan bilib olgach, isroilliklarni qo‘lga olishlarini buyurdi. Biroq Rahoba ularni uyining tomiga yashirib qo‘ydi-da, shohning xizmatkorlariga shunday dedi:

- Ha, menikiga begona odamlar kelishgan edi. Ularni tanimayman. Qorong‘i tushganda esa, ular ketishdi. Orqalaridan tez borsangiz, yetib olasizlar.

Shoh yuborganlar isroilliklarning ortidan quvib ketishdi, Rahoba bo‘lsa qo‘noqlari oldiga ko‘tarilib, dedi:

- Egamiz bu yerni sizlarga berganini bilaman. Bu yerda yashovchi odamlarning hammasi sizlardan qo‘rqadi. Misrdan chiqqaningizda Egangiz sizlar uchun qanday mo‘’jizalar yaratganini, Qizil dengiz suvlarini ikkiga yorib sizga yo‘l ochib berganini eshitdik. Hammamizni dahshat qamrab olgan, chunki sizninig Xudoyingiz, Egangiz, butun yeru- osmonning hukmdoridir. Men sizlarning hayotingizni saqlab qoldim, shuning uchun sizlar ham meni va oilamni o‘limdan qutqarib qolishga va’da beringlar. Bizning jonimizni saqlab qolishingizga kafolat bering. Ayg‘oqchilar Rahobaga o‘zi va oilasi najot topishlarini va’da berishdi. Shundan so‘ng Rahoba ularga derazadan arqonga osilib tushishlariga yordam berdi. Xayrlashayotganlarida, ayg‘oqchi yigitlar Rahobaga uyi derazasiga o‘zlari osilib tushgan qizil arqonni bog‘lab qo‘yishi lozimligini uqtirishdi. Mana shu arqon Rahoba va uning uyiga to‘planadigan qarindosh-urug‘larining jonini saqlab qolish uchun shartli belgi bo‘ladi. Shu gaplarni aytib, yigitlar shahardan sezdirmasdan chiqib olishdi.

Ular Yoshuaning oldiga eson-omon yetib olishdi va o‘zlari bilan sodir bo‘lgan voqealarni aytib berishdi:

- Egamiz u yerni bizning qo‘llarimizga bergan, shuning uchun u yerning barcha aholisi bizning oldimizda qo‘rquvdan dir-dir titrashadi.

Suhbat uchun savollar

3 savol
  1. Egamiz Yoshuaga qanday va’da berdi?

  2. Kan’on yurtiga kirishdan avval Yoshua qanday yo‘l tutdi?

  3. Ayg‘oqchilar qanday qutulib qolishdi?

27. Rahoba va ayg‘oqchilar00:00 / 04:10